Hurmatli anjuman ishtirokchilari! Avvalambor, siz, azizlarni turkiy sivilizatsiyaning qadimiy markazlaridan biri bo‘lgan ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand shahrida chin dildan tabriklashdan baxtiyorman. Hech shubhasiz, ushbu yig‘ilishning doimo adolat tamoyillariga tayanib ish yuritgan Sohibqiron Amir Temur saltanatining poytaxtida, ul zotning 690-yillik qutlug‘ tavallud sanasi xalqaro miqyosda keng nishonlanayotgan kunlarda bo‘lib o‘tayotgani anjumanga alohida shukuh bag‘ishlamoqda. Jahon hamjamiyatidagi o‘rni va nufuzi tobora ortib borayotgan Turkiy davlatlar tashkilotining bugungi kunda turkiy birlik va taraqqiyot borasida muhim rol o‘ynayotgani barchamizga yuksak g‘urur va iftixor yetkazadi. Muhtaram do‘stlar! Turkiy davlatlar tashkiloti faoliyatida qonun ustuvorligini ta’minlash, samarali boshqaruv va inson huquqlarini himoya qilish masalalari alohida o‘rin tutadi. Ayniqsa, dunyoning geosiyosiy xaritasida tub o‘zgarishlar yuz berayotgan, qarama-qarshiliklar ko‘lami, nizolar kuchayib borayotgan hozirgi murakkab vaziyatda ana shu masalalarni birgalikda muhokama qilish va bu borada samarali yechimlar topish dolzarb ahamiyatga egadir. Albatta, mamlakatlarimiz hayotida adolat va qonun ustuvorligini ta’minlovchi, inson huquqlarini himoya qiluvchi va kuchli sudyalar korpusini yaratishda Sudyalar kengashlaridan umidimiz katta. Ayni shu jihatdan qaraganda, bugungi yig‘ilish kun tartibiga kiritilgan masalalar Kengashlarning istiqboldagi faoliyatida yangi yo‘nalishlarni belgilab beradi, deb ishonaman. Xususan, anjuman doirasida imzolanishi kutilayotgan A’zo davlatlarda Sudyalar odobining umumiy prinsiplari to‘g‘risidagi o‘zaro anglashuv memorandumi turkiy xalqlarning tarixiy-huquqiy an’analari umumiyligi va sud tizimlari o‘rtasida mushtarak axloqiy mezonlar hamjihatligini mustahkamlashga xizmat qiladi. Shuningdek, bu muhim hujjat sudyalarning xalqaro miqyosda e’tirof etilgan xulq-atvor mezonlarining ahamiyatini e’tirof etib, milliy huquqiy an’analarga hurmat bilan yondashishni ham ko‘zda tutadi. Ta’kidlash lozimki, joriy yilning 6-mayida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Odil sudlov akademiyalari forumida sud-huquq sohasida turkiy davlatlar ta’lim tizimini tashkil etishning minimal standartlariga oid xalqaro hujjat qabul qilindi. Bu mamlakatlarimizda sudyalarni tayyorlashning yangi va universal tizimini joriy etishga qaratilgani bilan, ayniqsa, diqqatga sazovordir. Qadrli anjuman qatnashchilari! Sizlar Samarqand yig‘ilishida barcha davlatlar uchun ustuvor vazifalardan biri bo‘lgan qonun ustuvorligini ta’minlash hamda inson huquqlarini himoya qilishdek ezgu maqsadlar yo‘lida salmoqli natijalarga erishasiz, deb ishonaman. Eng muhimi, bunday forumlar mamlakatlarimiz o‘rtasida strategik sheriklik, xalqlarimiz orasida yaqin do‘stlik va qardoshlik rishtalarini yanada kuchaytirishga, turkiy dunyoning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori va nufuzini yuksaltirishga xizmat qilishi, shubhasiz. Sizlarni ushbu tadbirdagi ishtirokingiz bilan yana bir bor qutlab, g‘oyat sharafli va mas’uliyatli faoliyatingizda ulkan omadlar, mustahkam sihat-salomatlik, anjuman ishiga esa muvaffaqiyat tilayman. Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Туркий давлатлар ташкилоти судьялар кенгашлари раҳбарларининг тўртинчи йиғилишиСамарқанд шаҳрида 22 май куни Туркий давлатлар ташкилоти Судьялар кенгашлари раҳбарларининг IV йиғилиши бўлиб ўтди.Тадбирда Туркия, Озарбайжон, Қозоғистон ва Қирғизистон Судьялар кенгашлари раҳбарлари бошчилигидаги делегациялар ҳамда Туркий давлатлар ташкилоти Бош котиби иштирок этди.Унда Ўзбекистон Республикаси Президентининг халқаро тадбир иштирокчиларига мурожаати ўқиб эшиттирилди.Тадбир иштирокчилари томонидан бундай форматдаги форумлар мамлакатларимиз ўртасида стратегик шериклик, судьялар ҳамжамияти органлари ўртасида амалий ҳамкорлик ва халқларимиз ўртасида самимий дўстлик муносабатларини кучайтиришда муҳим майдон экани таъкидланди.Йиғилишда асосий эътибор туркий давлатлар судларида одоб-ахлоқ нормаларининг умумий стандартларини жорий этиш, судьяларни тайёрлаш самарадорлигини ошириш ва суд тизимини рақамлаштириш орқали одил судловга эришиш имкониятларини кенгайтириш, шунингдек, мазкур йўналишларда халқаро ҳамкорликни жадаллаштириш масалаларига қаратилди.Йиғилиш якунларига кўра иштирокчилар Cудьялар одобининг умумий принциплари тўғрисидаги ўзаро англашув меморандумини қабул қилдилар. Ушбу ҳужжатда туркий давлатларнинг миллий ҳуқуқий анъаналари ва халқаро стандартларни инобатга олган ҳолда судьяларнинг хулқ-атвор мезонлари белгиланди.Туркий давлатлар ташкилоти Судьялар кенгашлари раҳбарларининг навбатдаги V йиғилиши Қозоғистон Республикасида ўтказилиши белгиланди.
Ўзбекистон Республикаси Олий суди таркибига ўзгартиришлар киритилдиСенатнинг 15-ялпи мажлисида Ўзбекистон Республикаси Олий суди таркибига ўзгартиришлар киритиш тўғрисидаги масала кўриб чиқилди.Сенат мажлисида сўзга чиққан Ўзбекистон Республикаси Судьялар олий кенгаши раиси Х.Ёдгоров Олий суд судьялигига тавсия этилган номзодларни Сенат аъзоларига таништирди.Олий Мажлис Сенатининг мазкур масала юзасидан қабул қилинган қарорига мувофиқ Қаҳрамон Мирсафаев ва Махфират Очилова ўн йиллик муддатга Ўзбекистон Республикаси Олий суди судьяси лавозимига сайланди.Бошқа ишга ўтганлиги муносабати билан И.Болтаходжаева, Б.Исраилов, Г.Парпиева, Ж.Расулов, Н.Расулов, Н.Рахмонов, шунингдек, ўз аризасига биноан Ш.Болиев, Б.Тангабаев, Н.Хаджиматов Ўзбекистон Республикаси Олий суди судьяси лавозимидан озод этилди.